O‘zbekiston va NVIDIA sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan davra suhbati doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov boshchiligidagi delegatsiya NVIDIA kompaniyasining Global sun’iy intellekt tashabbuslari bo‘yicha vitse-prezidenti Kalista Redmond bilan muhokama o‘tkazdi.
Mazkur muhokamada mamlakatimizda yuqori samarali GPU klasterini tashkil etish, mahalliy kadrlarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bunda mamlakatimizda 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan, sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Muhokama davomida generativ sun’iy intellekt, keng miqyosli til modellari (LLM), ma’lumotlar fani, yuqori quvvatli kompyuterlar hamda sun’iy intellekt uchun infratuzilma va tarmoq yechimlari yo‘nalishlari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislar uchun ta’lim dasturlari va sertifikatlarini birgalikda ishlab chiqish hamda ishga tushirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, muhokama yakunida sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.