O'zbekiston va Novel Therapeutics Technology hamkorlikni muhokama qilishdi
O'zbekiston va Novel Therapeutics Technology hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 4 dekabr kuni agentlik binosida Qatarning “Novel Therapeutics Technology” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Novel Therapeutics Technology” kompaniyasi 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, sunʼiy intellekt yordamida dori vositalarini yaratishga ixtisoslashgan. Kompaniya biotexnologik tadqiqotlar bilan shug‘ullanib, asosan onkologiya va nevrologiya sohalariga qaratilgan dori vositalarini ishlab chiqaradi.
Uchrashuv davomida kompaniya va agentlik vakillari o‘z faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirdilar. Kompaniya AQSHning Xyuston shahridagi TMC3 Kollaboratsiya markazi faoliyati va undagi yutuqlar haqida maʼlumot berib, hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishini taʼkidladi.
Shu o‘rinda agentlik vakillari “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududidagi shart-sharoitlar, berilgan imtiyozlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida maʼlumot taqdim etdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar taʼlim, tadqiqot va sunʼiy intellekt sohalarida bilim va tajriba almashish hamda o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.