O‘zbekiston va “Monos Group” farmatsevtika ishlab chiqarishiga sarmoya kiritishni muhokama qildi
O‘zbekiston va “Monos Group” farmatsevtika ishlab chiqarishiga sarmoya kiritishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Mongoliyaning yirik farmatsevtika kompaniyasi “Monos Group” vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Monos Group - 1990 yilda tashkil etilgan, Mongoliyaning eng yirik farmatsevtika va kosmetika sanoatidagi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Guruh tarkibida 16 dan ortiq shoʻba kompaniyalar mavjud bo‘lib, ular farmatsevtika mahsulotlari, biologik qo‘shimchalar, kosmetika vositalari, o‘simlik dorivor xomashyosi, shuningdek taʼlim, IT, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniyada 2500 dan ziyod xodimlar mehnat qiladi. "Monos Group"ning farmatsevtika va kosmetika mahsulotlari Yaponiya, Koreya va Qirg‘izistonga eksport qilinadi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, kompaniya uchun mahalliy hamkorlar topish masalalari muhokama qilindi. Mongoliya kompaniyasi O‘zbekistonda inyeksion dori vositalari va dorivor o‘simliklardan tayyorlanadigan mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishga qiziqish bildirib, mamlakatga investitsiya kiritishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Agentlik direktori “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, loyihaning har bir bosqichida belgilangan qo‘llab-quvvatlash choralari va yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar maʼlumot almashish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.