O‘zbekiston va Mongoliya islohotlar va «yashil» energetika masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Umrzakov Mongoliya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mongoliya delegatsiyasi tarkibiga Bosh vazir o‘rinbosarining energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jamba Lxagva, Bosh vazir maslahatchisi Irmuun Demberel, Moliya vazirligining strategiya va rejalashtirish bo‘yicha bosh direktori Yeren-Ulziy Batmunx va boshqa rasmiy shaxslar kirdi. O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Iqtisodiy rivojlanish va moliya vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar muhokama qilindi, ayniqsa, energetika sohasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar energetika xavfsizligi va barqaror rivojlanish borasidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan energetika sohasidagi islohotlar Mongoliya delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ular energiya narxlari shakllanishi, bozor barqarorligi va energetika bozorini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.
Shuningdek, uchrashuvda «yashil» energetika sohasidagi loyihalar muhokama qilindi. Ikki mamlakat ekologik toza va barqaror texnologiyalarni rivojlantirish borasida qiziqish bildirib, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va ekologik muvozanatni saqlash masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanliklarini ta’kidladilar.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari ham muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan DXSH tajribasini o‘rganish va uni Mongoliya sharoitida tatbiq etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash borasidagi intilishlarini tasdiqladilar.