Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
Iqtisod 24/06/2025 O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Mo‘g‘uliston Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Jadamba Enxbayar bilan uchrashdi.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda, dastlab ikki davlat o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlik loyihalarining joriy holati muhokama qilindi. Jumladan, ilm-fan, seleksiya ishlari, kadrlar tayyorlash hamda texnologik innovatsiyalar yo‘nalishlarida olib borilayotgan izchil izlanishlar borasida fikr almashildi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov suhbat chog‘ida chorvachilik va o‘simlikshunoslik sohalarida hamkorlikda qator muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bugungi kunga kelib, Mo‘g‘ulistondan 7 mingdan ortiq “Bayad” zotli qo‘ylar olib kelingan bo‘lib, ular mamlakatimiz iqlimiga muvaffaqiyatli moslashdi va hozirda soni 13,5 ming boshdan oshdi. 

Bundan tashqari, Mo‘g‘ulistonning 20 dan ortiq cho‘l hududlariga moslashgan ozuqa o‘simliklari urug‘lari ham olib kelingan bo‘lib, ular ayni paytda Navoiy viloyatining tabiiy yaylovlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu esa uzoq muddatli seleksiya va naslchilik ishlarida muhim qadam hisoblanadi. 

Yana bir muhim jihat – O‘zbekistonda mo‘g‘ulistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish, ilmiy-tadqiqot va akademik mobillik dasturlari joriy etilmoqda. Jumladan, 50 nafar o‘zbekistonlik talaba Mo‘g‘ulistonda, 10 nafar mo‘g‘ul professori esa Samarqandda amaliyot o‘taydi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama yangi yo‘nalishlardagi hamkorlik rejalari yuzasidan ham muhim kelishuvlarga erishildi. Mo‘g‘ulistonning qishloq xo‘jaligi sektori — ayniqsa, sug‘oriladigan yerlar maydonining atigi 1% (100 ming gektar) ni tashkil etishi — bu boradagi imkoniyatlarning deyarli foydalanilmayotganini ko‘rsatdi.

Shu bois, O‘zbekiston tomoni o‘zining ilg‘or tajribasini bu sohalarda o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi. Aynan shunday yondashuv doirasida Mo‘g‘uliston bilan sabzavot, poliz, kartoshka, g‘alla mahsulotlarini iqlimlashtirish, yetishtirish va seleksiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Ilk bosqichda 15 ta ekin navidan iborat namunalar sinov tariqasida yuboriladi. Sinov natijalari muvaffaqiyatli chiqsa, eksport hajmini 200 ming dollargacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston–Mo‘g‘uliston Do‘stlik bog‘i”ni barpo etish doirasida 5 gektarlik hudud uchun 10 ming dona sovuqqa chidamli mevali va rezavor ko‘chatlar yetkazib beriladi. 

Sug‘orish texnologiyalari bo‘yicha ham muhim kelishuvlarga erishildi: kamida 10 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 25 ming dollarlik texnologik yordam ko‘rsatiladi. Loyiha doirasida Mo‘g‘uliston suv xo‘jaligi vakillari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. 

Uchrashuvda “Yashil makon” dasturi va Mo‘g‘ulistonning 2030 yilgacha 1 milliard daraxt ekish tashabbusini uyg‘unlashtirish yuzasidan ham aniq choralar belgilandi. Shu bilan birga, 100 ming bosh qo‘y va echkini yangi logistika yo‘lagi – Mo‘g‘uliston–Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston koridori orqali yetkazish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar barcha ustuvor yo‘nalishlarda qator istiqbolli loyihalar ijrosini ta’minlash, hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish va amaliy natijalarga erishish yuzasidan kelishib oldilar. Shuningdek, kelgusi rejalar aniq chora-tadbirlar asosida belgilab olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling