O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Makkah Halal Forum” doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Malayziya Xalqaro marketing va savdo palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatni SSP raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov hamda Palata prezidenti Zuber Bakri imzoladi. Memorandum ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Tomonlar savdo delegatsiyalari va biznes-missiyalar almashinuvi, investitsiya loyihalari bo‘yicha hamkorlik, bozor maʼlumotlari bilan o‘zaro almashish, ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etish hamda texnik va taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.
Shuningdek, halol industriyasi, agrosanoat, oziq-ovqat, to‘qimachilik va xizmatlar sohalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Mazkur kelishuv yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston hamda Malayziya tadbirkorlari uchun yangi bozor imkoniyatlarini ochishga xizmat qiladi.