O‘zbekiston va Malayziya ijtimoiy himoya va xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «Kambag‘allikdan farovonlik sari» III Xalqaro forum doirasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Jamshid Abruyev Malayziya Bosh vaziri departamenti huzuridagi Loyiha ijrosini muvofiqlashtirish ofisi bosh direktori o‘rinbosari Sharifuddin bin Shahar Shah rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlandi.
Jamshid Abruyev Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi. Xususan:
ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish va ularning manzilliligini kuchaytirish;
kam ta’minlangan oilalarni aniqlashda zamonaviy ma’lumotlar bazasidan samarali foydalanish (Malayziya tajribasi – eKasih);
ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish;
mutaxassislar uchun qo‘shma seminar va o‘quv-treninglar tashkil etish.
Uchrashuvda qo‘shma loyihalar himoyaga muhtoj oilalarni hisobga olish uchun raqamli platformalarni rivojlantirish, kam ta’minlangan xo‘jaliklarni aniqlashda ochiq va aniq mezonlarni joriy etish, manzilli yordam ko‘rsatishda ilg‘or tajribalar almashish, shuningdek mutaxassislar uchun qo‘shma seminar va treninglarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.