Valyuta kurslari 21/07/2025
$1 – 12578.21
UZS – -0,63%
€1 – 14633.49
UZS – -0,26%
₽1 – 160.31
UZS – -0,7%
Qidirish
O‘zbekiston 21/07/2025 O‘zbekiston va Makedoniya kruiz laynerlarida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Makedoniya kruiz laynerlarida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Shimoliy Makedoniya xalqaro mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda. Xususan, o‘zbekistonliklarni kruiz laynerlarida ishlashga jalb etish bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda.

Migratsiya agentligi rahbariyati va Makedoniyaning “Kouzon Corporation” kompaniyasi ijrochi direktori Zoran Kochoski o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Unda, kruiz kompaniyalari hamkorlikda mehnat faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Endilikda xorijda ishlash istagida bo‘lgan ingliz tilini biladigan yurtdoshlarimizga turistik kemalarida tashkillashtirilgan tarzda ishga joylashtirish imkoniyati yaratiladi.

“Kouzon Corporation” 28 yildan buyon dunyo bo‘ylab 18 ta davlatda faoliyat yuritmoqda. Laynerlar — O‘rta yer dengizi, Tinch okeani, Skandinaviya, Boltiq, Karib dengizi kabi yo‘nalishlarda harakatlanadi.

Kompaniya ushbu laynerlarga malakali kadrlarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Yiliga dunyo bo‘ylab 20.000 – 25.000 gacha mutaxassislarni ish bilan taʼminlaydi.

Kemalardagi oylik maoshlar dastlabki 6 oylik shartnomada 1200 AQSH dollardan boshlanadi, so‘ngra ikki oy taʼtil beriladi va keyingi olti oylik yangi shartnomada tajribaga qarab maosh ko‘tarilib boradi hamda 4000 AQSH dollarigacha yetadi. Yashash bilan bog‘liq xarajatlar kompaniya hisobidan qoplanadi.

Tomonlar kelishuviga ko‘ra, ishlash uchun zarur bo‘lgan C1/D tranzit vizasini olish jarayonlari soddalashtiriladi va ish beruvchi tomonidan 45 - 90 kun oralig‘ida rasmiylashtiriladi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling