O‘zbekiston va Laxor Savdo-sanoat palatalari savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosarlari Dilshod Rasulov va Xalimjon Safarov Lahor Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Halid Usman hamda Palataga aʼzo korxonalar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Lahor Savdo-sanoat palatasi 1923 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Pokistonning eng qadimiy va nufuzli savdo palatalaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda uning 25 000 dan ortiq aʼzosi turli sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlar uchun mavjud to‘siqlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar, O‘zbekistonning turizm va sanoat salohiyati haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.
Tomonlar turizm sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida aviaqatnovlarni ko‘paytirish, biznes-inkubatorlar tashkil etish hamda tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida ishbilarmonlar o‘zaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, biznes uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlardan unumli foydalanish va ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.