O‘zbekiston va Latviya transport sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vaziri Ilhom Maxkamov mamlakatimizga tashrif buyurgan Latviya transport vaziri Atis Shvinka boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Latviya temir yo‘llari, Riga, Liyepaya va Ventspils portlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar temir yo‘l, avtomobil tashuvlari, havo aloqasi va port xizmatlari sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishdi.
Tomonlar bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi strategik hamkorlikni va o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasini alohida ta’kidladilar.
Atis Shvinka ushbu lavozimga tayinlanganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasiga ilk tashrifi ekanligini va uning maqsadi O‘zbekiston bilan transport sohasidagi munosabatlarni rivojlantirishning keyingi bosqichlarini belgilash ekanini qayd etdi.
Latviya tomoni aviareyslar sonini ko‘paytirish, yuk tashuvlari hajmini oshirish hamda elektron tijoratni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
O‘zbekiston tomoni esa raqamli transport hujjatlariga o‘tish, avtomobilda yuk tashuvlari uchun ruxsatnoma blankalari sonini ko‘paytirish, tranzit tashuvlari uchun ruxsatnomasiz tizimni joriy etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardi.
I. Maxkamov Sharq – G‘arb hamda janubiy yo‘nalishda xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi va Latviya tomonini ushbu yo‘laklar salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda choralar ko‘rishga chaqirdi.