Valyuta kurslari 04/09/2025
$1 – 12374.55
UZS – -0,39%
€1 – 14425.01
UZS – -0,23%
₽1 – 153.13
UZS – -0,76%
Qidirish
O‘zbekiston va Latviya qo‘shma ta’lim dasturlarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Latviya qo‘shma ta’lim dasturlarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Latviya qo‘shma ta’lim dasturlarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston–Latviya birinchi taʼlim forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Latviya taʼlim vaziri Dace Melbārde bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar anʼanaviy iqtisodiy yo‘nalishlardan chiqib, taʼlim, fan va innovatsiyalar yo‘nalishlarida ham sezilarli darajada rivojlanmoqda.

Suhbat davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida Latviya va Oʻzbekiston universitetlari o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan:

qo‘shma taʼlim dasturlarini, ayniqsa, STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqishni jadallashtirish;

o‘zbek talabalarining Latviya sanoat korxonalarida amaliyot va stajirovkalardan o‘tishi uchun zarur sharoitlar yaratish;

oziq-ovqat xavfsizligi, sunʼiy intellekt, biotexnologiya, qayta tiklanuvchi energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovini tashkil etish;

“Gorizont Yevropa” va Erasmus+ dasturlari doirasida akademik almashinuvni kengaytirish;

ikki mamlakat universitetlarida olingan diplom va malakalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqish.

O‘z navbatida, Latviya taʼlim vaziri Dace Melbārde ushbu takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi va kelgusida ular amaliy natijalarga olib kelishiga ishonch bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling