O‘zbekiston va Koreya Respublikasi Toshkentda intellektual transportni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vazirliligida Janubiy Koreyaning Yer, infratuzilma va transport vazirligi (MOLIT) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi hamkorlik aloqalari va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishdi. Xususan, mamlakatimiz transport tizimini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda Koreya kompaniyalarining ishtiroki yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Koreya tomoni Toshkent shahri jamoat transporti tizimini rivojlantirishga qaratilgan takliflari doirasida “Toshkent shahri aqlli transport tizimini ishlab chiqish bo‘yicha master-reja loyihasi” yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Xususan, Toshkent shahrida aqlli avtobus (jamoat transporti) tizimi loyihasi Koreya xalqaro pudratchilar assotsiatsiyasi (ICAK) tomonidan 2026 – 2029-yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Toshkent shahrida jamoat transporti jozibadorligini oshirish maqsadida avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar (BRT) tizimini joriy etish loyihasi esa 2027 – 2032-yillar davomida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv davomida Janubiy Koreyaning Yer, infratuzilma va transport vazirligi (MOLIT) direktor o‘rinbosari Gan In Suk xonim 40 mln AQSH miqdorida grant ajratilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.