Valyuta kurslari 09/07/2025
$1 – 12712.09
UZS – 0,28%
€1 – 14927.81
UZS – 0,36%
₽1 – 162.64
UZS – 1,0%
Qidirish
Iqtisod 09/07/2025 O‘zbekiston va KOICA mikroelektronika sohasida yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston va KOICA mikroelektronika sohasida yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 7-iyul kuni “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori janob Shin Myung-Seop o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda yarim o‘tkazgichlar va mikroelektronika yo‘nalishida yuqori texnologiyali sanoat infratuzilmasini shakllantirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, mazkur sohaga ixtisoslashgan “Yuqori Texnologiyalar Parki”ni tashkil etish tashabbusi kun tartibiga qo‘yildi.

Shuningdek, ushbu tashabbus doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida KOICA grant mablag‘larini jalb etish istiqbollari muhokama qilindi. Grantlar orqali texnologik transfer, koreyalik ekspertlarni jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va startap loyihalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston elektrotexnika sanoatini yanada yuqori bosqichga olib chiqish, yangi avlod mikrochiplar, sensorlar va elektron komponentlar ishlab chiqarish bo'yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar.

KOICA — Koreya hukumati tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga texnik yordam va grant asosidagi loyihalarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan yetakchi agentliklardan biri hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling