Valyuta kurslari 01/12/2025
$1 – 11940.95
UZS – 0,32%
€1 – 13814.49
UZS – 0,25%
₽1 – 152.68
UZS – 0,33%
Qidirish
O‘zbekiston va Kanada parlamentlararo hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

O‘zbekiston va Kanada parlamentlararo hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

O‘zbekiston va Kanada parlamentlararo hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 25–27 noyabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Kanadaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.

27 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Kanada poytaxti Ottava va Toronto shaharlarida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Kanada parlamenti binosida “O‘zbekiston kunlari” hamda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot tadbirida parlament a’zolari, davlat idoralari vakillari, yirik kompaniyalar, biznes uyushmalari, ekspertlar va jurnalistlardan iborat 80 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Kanadalik siyosiy doiralar vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati tufayli ikki davlat o‘rtasida hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Uchrashuvlarda ikki davlat elchixonalarini tashkil etish jarayonini tezlashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, 2026 yilda Samarqandda birinchi “O‘zbekiston–Kanada” parlament forumini o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Kanada parlamenti Senatida esa O‘zbekistonda “Kanada kuni”ni tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Shu bilan birga, delegatsiya Kanada parlamenti Senati Spikeri Raymonde Gane va Jamoalar palatasi Spikeri Frensis Skarpaledja bilan ham muloqot o‘tkazdi.

Gane O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar haqida o‘zining ijobiy fikrlarini bildirib, Ottavada O‘zbekiston elchixonasi ochilishini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. F. Skarpaledja esa ikki parlament o‘rtasidagi aloqalar faollashib borayotgani, ayniqsa Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan forumda Kanada tadbirkorlari delegatsiyasining ishtiroki muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari parlament do‘stlik guruhi raisi Ziad Abuoltaif va a’zolar bilan uchrashuvda migratsiya, iqtisodiyot va madaniy aloqalar masalalarini muhokama qildi. Kanadada istiqomat qilayotgan 60 mingdan ortiq o‘zbekistonlik diasporaning ijobiy hissasi alohida qayd etildi. Kanada sog‘liqni saqlash tizimida tibbiyot xodimlariga ehtiyoj yuqori bo‘lib, bu borada Alberta va Ontario provinsiyalari bilan muzokaralar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Kanada parlamenti senatorlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekistonda jamoat xavfsizligi, shaharsozlik va diniy bag‘rikenglik borasidagi islohotlar yuksak baholandi, shuningdek, mamlakatimizning investitsion ochiqligi kanadalik tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratgani qayd etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling