Valyuta kurslari 05/02/2026
$1 – 12265.77
UZS – 0,06%
€1 – 14492.01
UZS – 0,26%
₽1 – 159.07
UZS – -0,26%
Qidirish
O'zbekiston va JICA sog'liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va oliy ta'lim sohasida kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilishdi

O'zbekiston va JICA sog'liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va oliy ta'lim sohasida kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilishdi

O'zbekiston va JICA sog'liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va oliy ta'lim sohasida kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4-fevral kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Otabek Fozilkarimov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — JICA vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muzokaralar davomida sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish va oliy taʼlim sohasida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi.

Uchrashuvda sogʻliqni saqlash sohasida tizimni modernizatsiya qilish, davlat tibbiy sugʻurtasini keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, hududlarni davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmi bilan toʻliq qamrab olish, sohani raqamlashtirish va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimini tibbiy sugʻurta modeliga tayyorlash, mazkur jarayonga xususiy sektorni jalb etishning ahamiyati hamda xorijiy, xususan, Yaponiya tajribasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi. JICA tomoni texnik hamkorlik, mutaxassislar tayyorlash va salohiyatni oshirish yoʻnalishlarida Oʻzbekiston bilan birgalikda ishlashga tayyor ekanini bildirdi.

Sohani yanada takomillashtirish maqsadida yaponiyalik ekspertlarni bilim va tajriba almashish uchun Oʻzbekistonga jalb etish, shuningdek qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish jarayonida Yaponiya mutaxassislari ishtirokini taʼminlash takliflari ilgari surildi.

Oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokamasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar, xususan, sanoatni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Yaponiya texnika universitetlari professor-oʻqituvchilarini jalb etgan holda qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, texnika yoʻnalishida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Yakunda tomonlar sogʻliqni saqlash va oliy taʼlim sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish, qoʻshma loyihalarni izchil amalga oshirish va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha oʻzaro manfaatdor ekanini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling