O'zbekiston va JICA bojxona hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov Jahon bojxona tashkiloti va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) hamkorlikdagi dasturlari menejeri Motoxiro Fudjimitsu bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Shu munosabat bilan Bojxona qoʻmitasiga tashrif buyurgan M.Fudjimitsu dastlab Markaziy bojxona laboratoriyasi, Elektron deklaratsiyalash markazi hamda Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Qoʻmita Raisi bilan boʻlib oʻtgan ikki tomonlama uchrashuvda hamkorlikning kelgusidagi istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarining mustahkamlanayotganligi JICA bilan aloqalarga ham yangicha surʼat baxsh etmoqda.
Davlatimiz Rahbarining joriy yil boshida ushbu nufuzli tashkilot rahbari A.Tanaka bilan uchrashuvidan soʻng bojxona xizmatini modernizatsiya qilish yoʻnalishidagi hamkorlikning yangi davri boshlandi deyish mumkin.
Bojxona qoʻmitasi xodimlari ushbu tashkilotning Xavflarni boshqarish boʻyicha trenerlarni tayyorlash va Tovarlarni chiqarish vaqti tadqiqoti (TRS) dasturlarida faol ishtirok etib kelishmoqda.
Bu esa Oʻzbekiston bojxonasidagi iqtidorli xodimlarni xalqaro darajadagi ekspertlar sifatida tayyorlash va ularning salohiyatini toʻliq namoyon etish boʻyicha ulkan salohiyat mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, bojxona ekspertizasi va bojxona qiymatini aniqlash sohalarida ham oʻzbekistonlik bojxonachilar orasidan xalqaro darajadagi ekspertlarni tayyorlash mumkinligi qayd etildi.
Uchrashuvda Jahon bojxona tashkiloti Yaponiya bojxona xizmati bilan hamkorlikda 2009-yildan beri amalga oshirib kelinayotgan Karyerani rivojlantirish dasturida oʻzbekistonlik bojxonachilarning ishtirokini kengaytirish taklifi ilgari surildi. Mazkur dastur bojxona xodimlariga JBT kotibiyatida 10 oylik stajirovka oʻtash imkonini beradi.
Uchrashuvda yiliga 500 mingga yaqin obyekt boʻyicha ekspertizalarni amalga oshirib kelayotgan Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyatini yanada takomillashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Xususan, bu borada Yaponiya amaliyotini oʻrganish, jumladan yangi turdagi ekspertiza yoʻnalishlarini joriy etish va ushbu sohada trener-ekspertlarni tayyorlash yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzaro muloqotda chegara bojxona postlarini zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash masalasi ham kun tartibidan joy oldi.
Boisi transchegaraviy savdo hajmining ortib borayotganligi sababli bojxona postlarida ish yuklamasi yildan yilga oshib boradi. Bunday sharoitda bojxona nazoratiga sarfalanadigan vaqtni qisqartirish va samaradorlikni oshirishni faqatgina zamonaviy texnik vositalar koʻmagida taʼminlash mumkin.
Tomonlar oʻzaro hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish va bu boradagi harakatlarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash istagini bildirishdi.