O‘zbekiston va JBIC sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Yaponiyaning xalqaro hamkorlik boʻyicha banki (JBIC)ning infratuzilma va ekologik loyihalarni global moliyalashtirish guruhi rahbari Hiroki Sekine bilan uchrashdi.
Suhbatda Oʻzbekiston va JBIC oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish yo‘llari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, JBIC “Yangi O‘zbekiston” dasturlarini amalga oshirishda mamlakatning ishonchli strategik hamkori hisoblanadi. 1995-yildan buyon bank neft-kimyo, energetika, infratuzilma, telekommunikatsiya va to‘qimachilik sohalarida umumiy qiymati 3,7 milliard dollaridan ortiq loyihalarni moliyalashtirgan.
Shuningdek, IT-infratuzilmani rivojlantirish, aeronavatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, tez yordam mashinalari yetkazib berish, ko‘p tarmoqli klinikalar qurish, shuningdek, tijorat banklari uchun kredit liniyalarini ochish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarning istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.