O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning Kuongsannam-do provinsiyasi mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va Koreya Respublikasining Kuongsannam-do provinsiyasi o‘rtasida E-7* malakali ishchi vizasi bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, yoshlarimiz provinsiyaning yirik sanoat tarmoqlarida hududiy viza asosida yuqori malakaga ega mutaxassis sifatida o‘z bilim va tajribalarini yana-da yuksaltiradilar.
Migratsiya agentligi bilan bugun imzolangan kelishuv — xorijiy ishchi kuchini qabul qilish yo‘nalishida provinsiyamiz tarixidagi ilk hujjatdir. Biz xorijlik ishchilarni asosan til bilish qobiliyatiga alohida eʼtibor qaratamiz. O‘zbek yoshlarining tayyorgarligi va bilim olish tizimini esa juda yuqori baholaymiz", - deya taʼkidladi Kuongsannam-do provinsiyasi gubernatori Pak Wansu.
Shuningdek, uchrashuvda E-8* mavsumiy ishchi vizasiga alohida to‘xtalib, kelgusida bu yo‘nalishda ham ijobiy loyihalar boshlashga kelishildi.
*E-7 Specially Designated Activities Visa – muayyan soha va kasblar bo‘yicha mutaxassislik darajasiga ega xorijliklarga beriladigan kasbiy mehnat vizasi.
*E-8 Seasonal Worker Visa – qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida xorijliklarni mavsumiy ishlarga jalb qilish uchun beriladigan vaqtinchalik viza.