O‘zbekiston va Jahon banki “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiyot va moliya vazirligining “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasi jamoasi hamda Jahon banki vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassislari Irina Voytexovich va Yorn Hyunteler hamda soha bo‘yicha boshqa xodimlari qatnashishdi. O‘zbekiston tomonidan esa Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Ziyoviddin Badriddinov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi direktori Boburbek Egamov, loyiha menejeri Ta’lat Nurillaev va boshqa mas’ullar ishtirok etishdi.
Yig‘ilish davomida loyiha doirasida ishlarni ilg‘or tumanlarda tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, yollangan xalqaro konsultant ish jarayonini jadallashtirish, Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va mavjud tashabbuslarni samarali amalga oshirishda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.