Valyuta kurslari 10/11/2025
$1 – 12060.27
UZS – 0,31%
€1 – 13916.35
UZS – 0,53%
₽1 – 148.87
UZS – 0,49%
Qidirish
O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ekologik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ekologik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ekologik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida atrof-muhitni muhofaza qilish va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha amaliyot rahbari Gayane Minasyan bilan uchrashdi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekologiya va iqlim sohasidagi dolzarb loyihalar doirasida samarali tajriba almashish, O‘zbekistonning “yashil" iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.  Shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” (“Resiland”) loyihasining amalga oshirilish jarayoni ko‘rib chiqildi.

Mazkur loyihadan maqsad O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilish, cho‘llanish va eroziyaga qarshi kurash, tanlangan hududlarda (Jizzax, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Surxondaryo) o‘rmon landshaftlarini ko‘paytirish va transchegaraviy landshaftlarni tiklash bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishga ko‘maklashishdir. 

Uchrashuvda havo ifloslanishining inson salomatligiga va iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’siri masalasi ham muhokama qilindi. Jahon banki ko‘magida Toshkent shahrida havo sifati baholanishi, Termizda monitoring ishlari olib borilishi, Namanganda esa navbatdagi loyiha yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligi, 2025-yil mamlakatda “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinganligi va boshqa tashabbuslar haqida ma'lumot berildi hamda “2035-yilgacha atmosfera havosini muhofaza qilish strategiyasi” loyihasi taqdim etildi. 

Qolaversa, energetika sohasida qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 60 foizga yetkazish bo‘yicha qat’iy maqsadlar belgilanganligi ham ta'kidlandi.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ekologiya va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy va global miqyosda faol ishtirok etayotganligi, Samarqand bu borada qator xalqaro konferensiyalarga mezbonlik qilgani ta'kidlandi. O‘z navbatida Jahon banki vakillari O‘zbekistonning ekologik islohotlari, iqlim o‘zgarishiga moslashish siyosati hamda xalqaro miqyosdagi faol pozitsiyasini yuqori baholadi.

Jahon banki delegatsiyasiga Samarqandda 2025-yil 24-noyabrdan 5-dekabrgacha o‘tkaziladigan CITES COP20 xalqaro konferensiyasi, 2026-yil 31-may – 5-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan GEFning 8-Assambleyasi va "Eco Expo Central Asia – 2026" ko‘rgazmasida qatnashish hamda ko‘rgazmada o‘z pavilyonini tashkil qilib, global “yashil” tashabbuslarni namoyish etish  taklif qilindi.

Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ekologik loyihalar samaradorligini oshirish va barqaror rivojlanishga qo‘shilayotgan hissani kengaytirishga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling