O‘zbekiston va Italiya hududlaro aloqalar va hamkorlikni kuchaytiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Italiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Federiko Failla boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat rahbari O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotganini, ikki davlat o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini taʼkidladi. Ayniqsa, yaqinda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda 2025 yil 30 may kuni Ostona shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo — Italiya” birinchi sammiti tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lgani eʼtirof etildi.
Shuningdek, may oyida Samarqand shahrida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamda Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining rasmiy muzokaralari, uchrashuvlari va imzolangan hujjatlar ikki mamlakat munosabatlarini yana-da mustahkamlagani qayd etildi.
Samimiy muloqotda Italiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga chiqayotganini eʼtirof etar ekan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarning qaror topib, rivojlanib borayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Farg‘onada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ishbilarmonlik muhitini yuqori baholadi.
Barcha sohalarni taraqqiy etishida eng avvalo taʼlim alohida o‘rin tutishi qayd etilib, bu borada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Viloyat hokimligi va Italiya elchixonasi o‘rtasida hududlararo hamkorlikni kuchaytirish, biznes doira vakillari ishtirokida biznes-forumlar tashkil etish, tashqi savdo aylanmasi hajmini oshirish, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish hamda xalqaro ko‘rgazmalar uyushtirish borasida amaliy ishlar boshlangani taʼkidlandi.
Uchrashuvda innovatsion ishlab chiqarish, hunarmandchilik, turizm va taʼlim sohalarida Italiyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, to‘qimachilik, mashinasozlik, charm va mebelchilik kabi sohalarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish va o‘zaro munosabatlarni jadallashtirish borasida kelishib olindi.