O‘zbekiston va Italiya avtomobilsozlik va barqaror texnologiyalar sohasida yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 21–23 may kunlari “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Italiya Respublikasiga xizmat safarini amalga oshirdi. Safar doirasida avtomobilsozlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan muhim uchrashuvlar, muzokaralar va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazildi.
Safarning asosiy voqealaridan biri Turin shahar meri Stefano Lo Russo bilan uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvda tomonlar mashinasozlik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Har yili an’anaviy tarzda qo‘shma forumlar o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi, navbatdagi forumni Toshkent shahrida o‘tkazish taklifi bildirildi. Shuningdek, 2026 yilda Turin sanoat kompaniyalari ishtirokidagi ishbilarmonlik forumini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
23 may kuni Turin shahrida Turin sanoat korxonalari ittifoqi hamkorligida “Italiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida avtomobilsozlik sohasidagi yangi hamkorlik imkoniyatlari” mavzusida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda 120 dan ziyod italiyalik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. O‘zavtosanoat delegatsiyasi forumda taqdimotlar o‘tkazdi va Webasto, Magna, Marelli, Sogefi, Pininfarina va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan B2B formatda uchrashuvlar tashkil etdi. Uchrashuvlarda avtokomponentlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Italiyalik hamkorlar bilan tashabbuslarni ilgari surish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etildi. Yaqin vaqt ichida italiyalik kompaniyalar vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildafar doirasida ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zavtosanoat delegatsiyasi Italiyadagi Turin Politeknika Universiteti (POLITO) rektori Stefano Paolo Coniati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida 2025/2026 o‘quv yili uchun hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnoma qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, italiyalik o‘qituvchilar ishtirokini ta’minlash, akademik qo‘llab-quvvatlash va xalqaro standartdagi diplomlarni berishni nazarda tutadi.
Shuningdek, vodorod yoqilg‘isida harakatlanuvchi jamoat transportini joriy etish va infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan innovatsion loyihani amalga oshirish uchun Italiya “Yashil Foni” orqali grant mablag‘lari ajratilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu xizmat safari O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida sanoat, ta’lim va barqaror texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga ikki tomonlama katta qiziqish mavjudligini yana bir bor tasdiqladi hamda strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.