Valyuta kurslari 09/07/2025
$1 – 12712.09
UZS – 0,28%
€1 – 14927.81
UZS – 0,36%
₽1 – 162.64
UZS – 1,0%
Qidirish
Iqtisod 04/07/2025 O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda

O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 3-iyul kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda vazir o‘rinbosari Otabek Mahkamov, Barselona universiteti prorektori Raul Ramos Labo, Lleida universiteti prorektori Antoni Granollers Saltiveri hamda Urganch RANCH texnologiya universiteti rektori Jur’atbek Atajonov ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda o‘quv dasturlari yo‘nalishlaridagi istiqbolli tashabbuslarni muhokama qildilar.

Ma’lumki, Barselona universiteti — Ispaniyaning yetakchi, 1450-yilda tashkil etilgan, QS reytingida dunyodagi eng yaxshi 200 universitet qatoriga kirgan ilmiy markaz bo‘lib, 5000 dan ortiq tadqiqotchilar faoliyat yuritadi. Lleida universiteti esa Ispaniyada ilk bor tashkil etilgan universitetlardan biri bo‘lib, muhandislik, agrar fanlar va tabiiy ilmlar sohasidagi dasturlari bilan tanilgan.

Uchrashuvda Urganch RANCH texnologiya universiteti va mazkur ispaniyalik hamkor universitetlar o‘rtasida so‘nggi yillarda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari natijalari ham qayd etildi. Jumladan, 2024-yilda Barselona va Lleida universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolangan, hamkorlikning ikkinchi bosqichini amalga oshirish maqsadida ishchi tashriflar uyushtirilgan.

Tomonlar mazkur hamkorlikni strategik bosqichga olib chiqishga, o‘zaro loyihalarni amalga oshirishga va ta’lim sohasidagi aloqalarni institutsional asosda mustahkamlashga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling