O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki transport infratuzilmasi va ta’lim sohasidagi asosiy loyihalarni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
Joriy yilning 16-fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tayotgan “Rivojlanayotgan mamlakatlar muloqoti” konferensiyasi doirasida Islom taraqqiyot banki (IsDB) prezidenti Muhammad Al Jasser hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Islom taraqqiyot banki 1975-yilda tashkil etilgan xalqaro moliyaviy institut bo‘lib, uning bosh ofisi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Bankning asosiy maqsadi islomiy moliyaviy tamoyillar asosida a’zo davlatlarning iqtisodiy taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash va ularning farovonligini oshirishdan iborat.
Uchrashuvda Islom taraqqiyoti banki ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi ishlab chiqilayotgan ustuvor loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, ularning joriy holati, qilinishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonda transport infratuzilmasi va ta’limni rivojlantirish, jumladan, yo‘l infratuzilmasi hamda ta’lim sohasida zamonaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, uchrashuv doirasida yuqoridagi yo‘nalishlar yuzasidan qarz, agentlik hamda grant bitimlari imzolandi:
· Islom taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi yo‘llarni rekonstruksiya qilish: loyiha doirasida Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani, Mirzaobod tumani va Sardoba tumanidagi umumiy 37 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinadi.
· “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish” (“SmartED”) loyihasini amalga oshirish: loyiha doirasida respublika bo‘yicha jami 58 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablar inklyuziv ta’lim talablariga ko‘ra quriladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldi.