O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 19-sentabr kuni Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti doktor Muhammad Al-Jasser hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ITBning Olmaota shahridagi mintaqaviy ofis rahbari Ali Xan, ITBning O‘zbekistondagi vakili Xusan Xasanov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetov hamda boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar samaradorligini oshirish, istiqboldagi rejalar va yangi tashabbuslarni muhokama qildilar.
Xususan, quyidagi yo‘nalishlardagi muhim loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi:
qishloq xo‘jaligida irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish;
qishloq infratuzilmasini takomillashtirish orqali aholiga va tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
korxonalarning iqtisodiy barqarorligini oshirish uchun Islom shariati asosida loyihalarni moliyalashtrish;
chorvachilik sohasida yangi loyihalarni davlat kafolatisiz tijorat banklari bilan amalga oshirish;
xususiy sektor va moliyaviy bozorlarni rivojlantirish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarida hamkorlikni kuchaytirish;
mamlakatimizda islom moliyasini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda maslahat va texnik ko‘makni kengaytirish.
Uchrashuvda, islom moliyasi yo‘nalishidagi hamkorlik masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Islom moliyasi dunyoda adolatli va barqaror moliyaviy tizim sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, uning asosiy tamoyillari – moliyaviy bitimlarda oshkoralik, xavf-xatarlarni adolatli taqsimlash, real aktivlarga asoslanish va foizsiz moliyalashtirish mexanizmlari – aholi hamda kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun ishonchli vosita sifatida xizmat qilishi ta’kidlandi.
Islom taraqqiyot banki ekspertlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda islom moliyasi bozorini shakllantirishni tezlashtirish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek aholi va tadbirkorlarga yangi turdagi moliyaviy xizmatlarni taqdim etish muhumligi qayd etildi. Bu esa xorijiy investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va moliyaviy tizimning imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, yuqorida qayd etilgan sohalarda fikr almashuvini kengaytirish hamda samarali qo‘shma loyihalar ko‘lamini oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.