O‘zbekiston va Iordaniya to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari Ammanda bo‘lib o‘tgan, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan Forumda ishtirok etdilar.
Tadbirda ikki mamlakatning 30 dan ortiq yetakchi kompaniyalari, shuningdek, davlat idoralari va biznes uyushmalari vakillari qatnashdi.
Forumning ochilish qismida Iordaniya kiyim-kechak va to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi raisi Sanal Kumar, Iordaniya sanoat palatasi bosh direktori doktor Hazem Rahahleh hamda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari nutq so‘zladilar.
Tadbir davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi taqdim etilib, mamlakatning to‘qimachilik sanoatidagi istiqbollari va raqobatbardosh afzalliklari alohida ta’kidlandi. O‘z navbatida, iordaniyalik tomon milliy sanoat sektori, jumladan charm va to‘qimachilik yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimot qilib, ularning barqaror rivojlanishi va yuqori eksport salohiyatini qayd etdi.
Forum doirasida B2B sessiyalari tashkil etilib, kompaniyalarga bevosita hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, Iordaniyaning Investitsiyalar vazirligi, Sanoat, savdo va ta’minot vazirligi hamda Iordaniya banklar assotsiatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.