O‘zbekiston va Iordaniya ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 20-sentabr kuni Amman shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Iordaniya Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Oliy ta’lim kengashi direktori Shadi Al-Masa’deh bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida Iordaniya Hoshimiylar Podshohi Abdulloh II ibn al-Husaynning joriy yil avgust oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolangan "Yo‘l xaritasi"da belgilangan vazifalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan aniq kelishib olindi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va fan sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Xususan, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish hamda akademik hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ishtirok etdi.