O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senat Raisi Tanzila Narbayeva Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Demiya Zuxeyr Haddod bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo aloqalar mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, Iordaniya parlamenti mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ham Oliy Majlis davlat va jamiyat taraqqiyotiga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda va qonunchilik jihatdan taʼminlashda faol ishtirok etib kelmoqda. Shu munosabat bilan parlamentlar o‘rtasida muloqotni kengaytirish, qonun ijodkorligi, parlament nazorati va boshqa sohalarda tajriba almashishdan manfaatdorlik bildirildi.
Shuningdek, 2026-yil 3–7-fevral kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi parlamenti Majlisi al-Aʼyan raisi Faysal Akif Misqal Al-Fayez boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Iordaniya parlamenti Senati o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash rejalashtirilgani qayd etildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi tibbiyot, xususan raqamli tibbiyotni rivojlantirish, oliy taʼlim, texnologiyalar sohasidagi hamkorlik hamda Iordaniya va O‘zbekiston birinchi biznes-forumini tashkil etish yuzasidan ham fikr almashildi.