O‘zbekiston va Iordaniya madaniy hamkorlikni rivojlantirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 22-sentabr kuni Amman shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Iordaniya madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nidal Ibrohim al-Ahmad bilan uchrashdi.
Tomonlar joriy yil avgust oyida Iordaniya Podshohi Abdulla II ning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan madaniy sohadagi vazifalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi, jumladan, o‘zaro madaniyat kunlarini o‘tkazish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, turistik salohiyat taqdimotlari, konferensiyalar tashkil etish, shuningdek, har ikki mamlakat hududida tashkil etiladigan turli madaniy tadbirlarda tomonlar vakillarining ishtirokini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasida do‘stlik an’analarini mustahkamlashning muhim vositasi sifatida xalq diplomatiyasini rivojlantirish ahamiyati ta’kidlandi.