O‘zbekiston va ILF Consulting Engineers yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va energiya samaradorligini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 21-fevral kuni Yevropaning “ILF Consulting Engineers” kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti va biznes guruhi direktori Janmariya La Porta hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “ILF Consulting Engineers” kompaniyasining boshqaruv konsaltingi bo‘yicha direktori Oskar Gruber, kompaniyaning katta menejeri Filip Flox hamda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosarlari Xurshed Mustafayev, Ilhomjon Umrzakov, Samandar Sadullayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
ILF Consulting Engineers — xalqaro muhandislik va konsalting kompaniyasi bo‘lib, infratuzilma, energetika, atrof-muhit muhofazasi va sanoat loyihalarini ishlab chiqish, rejalashtirish va amalga oshirish bo‘yicha yetakchi tashkilotlardan biri hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish va zamonaviy, innovatsion yashil texnologiyalardan keng foydalanish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi. Xususan:
Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish: mamlakatimizda yashil o‘sishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, yashil energiya yechimlarini kengaytirish hamda ilg‘or va muvaffaqiyatli xalqaro tajribalar samarali foydalanish;
Barqaror issiqlik tizimini shakllantirish: issiqlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy va innovatsion yashil texnologiyalarga asoslangan isitish tizimini yaratish, isitish nasoslaridan foydalanish hamda amalga oshirilgan loyihalar;
Energiya samaradorlikni yanada oshirish: qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiyani tejovchi texnologiyalardan keng foydalanishga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda belgilangan maqsadlarga erishishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.