O'zbekiston va ICMPD migratsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
O'zbekiston va ICMPD migratsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 25-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Xalqaro Migratsiya Siyosatini Rivojlantirish Markazi (ICMPD)ning mintaqaviy direktori Radim Zak bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Yevropa Ittifoqi davlatlariga ishga borayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablarini soddalashtirish, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning ICMPDning ta’lim dasturlarida ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashkilot hukumatlararo hujjatlarni tezlashtirilgan tartibda kelishishga ko‘maklashish va Yevropa mehnat bozori talablariga yo‘naltirilgan qayta tayyorlov dasturlarini kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Tomonlar, shuningdek, Shvetsiyadan qaytayotgan fuqarolarning barqaror reabilitatsiya va reintegratsiya mexanizmlarini yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqib, BOMCA-11 mintaqaviy dasturi doirasidagi amaliy ishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Shunindek, R.Zakka ICMPDning O‘zbekistonda to‘laqonli vakolatxonasini ochish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingani haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida u muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish niyatini tasdiqladi.
Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi (ICMPD) — 1993-yilda Avstriya va Shveytsariya tomonidan tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 21 ta a’zo davlatni birlashtiradi va 200 dan ortiq xalqaro hamkorlar bilan faol ishlab kelmoqda. ICMPD migratsiya siyosati sohasida zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha yetakchi platformalardan biridir.