O‘zbekiston va ICBA o‘rtasida agrar-ilmiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston va ICBA o‘rtasida agrar-ilmiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshchiligidagi delegatsiya BAAning Dubay shahrida joylashgan Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh qarorgohiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya ICBA bosh direktori doktor Tarifa Alzaabi hamda markazning ilmiy xodimlari bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv konstruktiv va yuqori darajada bo‘lib o‘tdi. Tomonlar amaldagi qo‘shma loyihalar, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv doirasida yerlarning sho‘rlanishi va degradatsiyasiga qarshi qaratilgan yangi avlod biotexnologik mahsulot taqdim etildi. Ushbu mahsulot ICBA mutaxassislari tomonidan yuqori baholanib, Orolbo‘yi hududlarida tuproq tahlillari o‘tkazish va moslashtirilgan biologik mahsulot ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Xorazm viloyati va Farg‘ona vodiysida ikki yangi loyihani amalga oshirish, ularni mahalliy va xorijiy fondlar hamda donorlar hisobidan moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston sharoitida krevetka va boshqa dengiz mahsulotlarini yetishtirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Integrated Agri-Aquaculture System (IAAS) tizimi hamda spirulina yetishtirish yo‘nalishlari bo‘yicha treninglar tashkil etish doirasida 10 nafar o‘zbekistonlik mutaxassisning ICBA Dubay bosh qarorgohida malaka oshirishi yuzasidan kelishuvga erishildi.