O‘zbekiston va Huawei raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Xitoyning “Huawei Technologies Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muzokarada Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Huawei kompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuvda telekommunikatsiya va mobil aloqa infratuzilmasini yanada rivojlantirish, mamlakatning IT-xab sifatidagi nufuzini oshirish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish, shuningdek, IT-autsorsing salohiyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Huawei” va “O‘zbektelekom” o‘rtasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda kompaniya bilan hamkorlikda raqamlashtirish yo‘nalishida muhim loyihalar amalga oshirilayotgani, jumladan, Masofaviy xizmatlar markazi ishga tushirilib, natijada 2024-yilda ushbu markaz tomonidan 20 dan ortiq davlatga ko‘rsatilgan IT eksport xizmatlari hajmi 10 million AQSh dollariga yetgani hamda 300 ta yangi ish o‘rni yaratilgani ta’kidlandi.
Uchrashuv chog‘ida kompaniya tomonidan mamlakatda raqamli iste’dodlarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Xususan, “Seeds for the Future” va “ICT Academy” dasturlari doimiy ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
2024-yilda mazkur dasturning O‘zbekistondagi o‘n yillik yubileyi nishonlandi. Yurtimiz jamoasi “Tech4Good” xalqaro tanlovining finalida Silver award sovrinini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 12 nafar talabadan iborat delegatsiya Xitoyning Shenchjen va Shanxay shaharlarida amalga oshirilgan raqamli turda ishtirok etdi. Ikki jamoa esa Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan “ICT Competition” mintaqaviy tanlovida qatnashdi.
Muloqot davomida 2024-yilda “ICT Week Uzbekistan” doirasida mamlakatda 5.5G texnologiyasini sinov tariqasida ishga tushirilgani qayd etildi.
2024-yilda Huawei kompaniyasi hamda Raqamli iqtisod tadqiqotlari markazi va Xitoy Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasi (CAICT) hamkorligida tayyorlangan “Uzbekistan Digital Economy overview and Vision 2030” tahliliy hisoboti e’lon qilingani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, joriy yil may oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Tech Carnival 2025” xalqaro tadbiri haqida gaplashildi. Jumladan, 1000 dan ortiq ishtirokchilar, yirik texnologik kompaniyalar, xalqaro ekspertlar va mutaxassislar bu yerda to‘planib, sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, bulutli texnologiyalar, yashil yechimlar kabi yo‘nalishlar muhokama qilingani qayd etildi.
Uchrashuv ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, innovatsion texnologiyalar va raqamli sohadagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va kelgusida shu kabi hamkorliklarni yanada rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi. Huawei kompaniyasi bilan olib borilayotgan keng qamrovli hamkorlik nafaqat mamlakatning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishga, balki yosh avlodning raqamli salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.
#Huawei