O‘zbekiston va Germaniya yashil energiya va energiya samaradorligi sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-iyun kuni Germaniya Federal Iqtisodiyot va energetika vazirligining energetika siyosati, yashil energiyaga o‘tish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yo‘nalish rahbari Urs Daniel Engels hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Mixael Vimmer, Germaniyaning Energiya samaradorligi bo‘yicha agentligida Markaziy Osiyo, Turkiya va Janubiy Kavkaz bo‘yicha loyihalar direktori Yelena Metzger hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Shoxzod Islamov, “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi direktori Temur Malik Narziqulov, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institute direktori o‘rinbosari Halillulhoh Hamidov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, xususan, yashil energiyaga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish va iqlim neytrallik tamoyillariga asoslangan shaharlarni shakllantirish borasida o‘zaro fikr almashdi.
Xususan, muhokamalar davomida quyidagi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi:
O‘zbekistonda yashil energiya bilan ta’minlash infratuzilmasini rivojlantirish;
Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qulay infratuzilmani shakllantirish orqali energiya samaradorligini oshirish;
Ijtimoiy soha obyektlarida – maktab, kasalxona, bolalar bog‘chalari va boshqa bino-inshootlarda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish;
Shaharlarda dekarbonizatsiya jarayonlarini jadallashtirish va iqlim jihatdan neytral shaharlar modelini shakllantirishda hamkorlik qilish.
O‘z navbatida, Germaniya vakillari O‘zbekistonning yashil o‘sihni ta’minlash va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishdagi yondashuvlarini yuqori baholab, mamlakatda energiya tejamkorlik va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.