O‘zbekiston va Germaniya strategik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo maslahatlashuvlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 16-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida 2025-yil 8-oktabrga belgilangan hukumatlararo maslahatlashuvlarga tayyorgarlik doirasida Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi Elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar maslahatlashuvlar kun tartibini muhokama qilib, tegishli vazirlik va idoralarni jalb etish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shaharsozlik va iqlim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Alohida e’tibor qiymati 152 million yevro bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bitimni imzolashga qaratildi. Ushbu hujjat grant mablag‘larini ham o‘z ichiga oladi.
Uchrashuv ishtirokchilari barqaror rivojlanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarning ahamiyatini ham qayd etdilar.
Bo‘lib o‘tadigan maslahatlashuvlar strategik hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.