Valyuta kurslari 25/07/2025
$1 – 12653.48
UZS – -0,85%
€1 – 14871.64
UZS – -0,71%
₽1 – 159.75
UZS – -1,79%
Qidirish
O‘zbekiston 24/07/2025 O‘zbekiston va Germaniya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Germaniya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.Tashpulatov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston – Germaniya Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi doirasida ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Safar davomida vakillarimiz Germaniyaning yetakchi kompaniya va tashkilot rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Dastlab “DZ Bank” boshqaruv kengashi aʼzosi Yoxen Anton-Boyk va Ralf Lerx bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimiz sog‘liqni saqlash sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarida moliyaviy ko‘makdosh sifatida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Yakunda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va “DZ Bank” o‘rtasida potensial loyihalarni imtiyozlar doirasida moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shundan so‘ng “Opasko” kompaniyasi rahbari Aleksey Sverdlov va “Siemens Healthineers” masʼul xodimi Sebastyan bilan qator qo‘shma loyihalar yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlik yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

Loyihalar doirasida olib kelingan tibbiy jihozlar bilan ishlovchi xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish, tibbiyot muassasalarida qo‘shma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash;

SIEMENS tibbiy jihozlariga uzluksiz kafolatlangan texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;

SIEMENS kompaniyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonda kompaniya texnik xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish.

“AKA Bank” kompaniyasi boshqaruvchisi Mattias Vitbrok bilan o‘tgan uchrashuvda esa mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi haqida batafsil maʼlumot berilib, yakunda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Bundan tashqari, “German Development KfW Bank”ning Osiyo davlatlarini salomatlik va ijtimoiy himoyalash missiyasi rahbari Martina Kox, “KfW bank” loyihalari bo‘yicha tender/xarid jarayonlariga masʼul ekspert-mutaxassis Aleksandr Cheppiknap hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Sharqiy Bolqon, Markaziy Osiyo va G‘arbiy Yevropa bo‘yicha missiyasi rahbari Daniel Passon boshchiligidagi ekspertlar guruhi bilan o‘zaro hamkorlikdagi loyihalar yuzasidan muloqotlar tashkil etildi.

Shuningdek, “Drager” konsernining hududiy direktori Yuliy Nagel, “Mangold konsalting” va “BINZ” kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlarda yurtimizda tibbiy uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling