Valyuta kurslari 21/10/2025
$1 – 12060.15
UZS – -0,4%
€1 – 14064.55
UZS – -0,74%
₽1 – 148.87
UZS – -0,15%
Qidirish
O‘zbekiston va Germaniya hamkorligida tibbiyot kadrlarini tayyorlashning yangi bosqichi boshlandi

O‘zbekiston va Germaniya hamkorligida tibbiyot kadrlarini tayyorlashning yangi bosqichi boshlandi

O‘zbekiston va Germaniya hamkorligida tibbiyot kadrlarini tayyorlashning yangi bosqichi boshlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 1-son Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi bazasida tashkil qilingan "Germaniya tibbiyot akademiyasi" loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning Aaxen universitet klinikasi (Yevropadagi davolash bo‘yicha ikkinchi yirik klinika) hamda Shveysariyaning “Globogate Concept AG” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.

Akademiya Germaniya–O‘zbekiston hamkorligining muhim bosqichi bo‘lib, yuqori malakadagi o‘rta tibbiyot mutaxassislarini Germaniya standartlari asosida tayyorlash, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va hamyurtlarimiz uchun chet mamalakatlarning nufuzli klinikalarida tajriba almashish, yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.

Eʼtiborlisi, bunday taʼlim maskanlari mamlakatimizdagi 15 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida O‘zbekiston va Germaniya taʼlim dasturlarini uyg‘unlashtirgan holda bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2025-2026 o‘quv yili uchun 750 ta maxsus kvota ajratildi.

Ilgari Germaniyada tibbiyot sohasida ishlash istagidagi "hamshiralik ishi" yo‘nalishida diplomi borlar bilan shartnoma qilinardi va Germaniya standartlariga qayta tayyorlanardi. Nomzodlar ushbu davlatga borgach, yana 6–8 oy vaqtni moslashish uchun sarflardi.

Endilikda, bu jarayonni O‘zbekistondayoq amalga oshirish imkoni yaratildi.

Akademiyaga maqsadli qabullar asosida Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan nomzodlar tanlab olinadi.

Talabalar 3 yillik o‘qish davridayoq Germaniya tibbiyot standartlari asosida tahsil olib, ikki davlat tomonidan tan olinadigan diplom va B2 darajadagi nemis tili sertifikatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu diplom bilan ular Germaniyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri malakali o‘rta tibbiyot xodimi sifatida ishlash huquqini qo‘lga kiritadilar.

Shuningdek, Germaniyada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarimiz oila aʼzolarini ham o‘zlari bilan olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

"Germaniya tibbiyot akademiyasi" loyihasi — nafaqat xalqaro taʼlim va mehnat bozoriga integratsiya namunasi, balki fuqarolarimizni xorijda malakali mutaxassis sifatida yuqori daromadli sohalarda faoliyat olib borishlari uchun xizmat qiluvchi maskandir.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling