Valyuta kurslari 21/10/2025
$1 – 12060.15
UZS – -0,4%
€1 – 14064.55
UZS – -0,74%
₽1 – 148.87
UZS – -0,15%
Qidirish
O‘zbekiston va Germaniya: agrar sohadagi hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston va Germaniya: agrar sohadagi hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston va Germaniya: agrar sohadagi hamkorlikning yangi bosqichi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Germaniya Bundestagi (parlamenti)ning Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va vatan qo‘mitasi deputati Xermann Ferber bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida amalga oshirilayotgan agrar loyihalar, xususan qo‘shma dasturlar, o‘quv almashuvlari va texnik hamkorlik ishlari haqida fikr almashildi. Germaniya tajribasi, ayniqsa, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ta’lim tizimining amaliy yo‘nalishga qaratilganligi bilan e’tirof etildi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ta’kidlab, dual ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratdilar. Mazkur tizimda talabalar nazariy bilimni oliy ta’lim muassasasida oladi, amaliy ko‘nikmalarni esa ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlaydi.

Kelgusida o‘zbekistonlik yosh fermerlar va agrar yo‘nalishdagi talabalarni Germaniyada amaliy tajriba orttirishiga imkon beruvchi yangi qo‘shma dastur ishlab chiqish taklif qilindi. Bu tashabbus O‘zbekiston agrar sohasiga xalqaro miqyosdagi bilim va ilg‘or yondashuvlarni olib kirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida chorvachilik, raqamlashtirish va baliqchilik yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, Germaniyaning ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga joriy etish orqali soha samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida vazir agrar sohada o‘zaro ishonchga asoslangan, uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling