O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi energetika, suv ta’minoti va infratuzilma sohalarida istiqbolli loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu yilning 16-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir Laziz Kudratov Fransiya taraqqiyot agentligining (AFD) Markaziy va Sharqiy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori, Xitoy boʻyicha direktori Ameli Ober bilan uchrashdi.
Tomonlar energetika, suv ta’minoti, infratuzilma va ekologiya sohalaridagi amaldagi hamkorlik hamda istiqboldagi loyihalarni muhokama qildilar. Uchrashuvda barqaror rivojlanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va amalga oshirilayotgan tashabbuslarning samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Faoliyati davomida agentlik umumiy qiymati 1,6 milliard yevrodan ortiq 13 ta yirik loyihani moliyalashtirgan. Ameli Oberning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston AFDning yigirma eng yirik hamkor mamlakatlari qatoriga kiradi va hamkorlik uchun ustuvor davlatlardan biri hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.