O‘zbekiston va Fransiya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 11/09/2025
$1 – 12360.86
UZS – 0,05%
€1 – 14479.51
UZS – -0,41%
₽1 – 145.66
UZS – -1,9%
Qidirish
O‘zbekiston va Fransiya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston va Fransiya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston va Fransiya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ualid Fuk hamda ushbu davlatning Yevropa va tashqi ishlar vazirligi sog‘liqni saqlash xizmatlari eksporti bo‘yicha maxsus vakili Jorj-Fabris Blum boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Fransiya sog‘liqni saqlash tizimi tibbiy xizmatlardan foydalanish osonligi, davolanish uchun navbatlar yo‘qligi va barcha aholi qatlami malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olinganligi kabi mezonlar bo‘yicha JSST reytingida yuqori o‘rinlarni egallaydi. Shu maʼnoda, mazkur davlat bilan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash foydalidir.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida Prezidentimizning Fransiyaga davlat tashrifi davomida ushbu mamlakat bilan ko‘plab sohalar qatori, tibbiyot yo‘nalishida ham manfaatli kelishuvlarga erishilgandi.

Shuningdek, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Fransiya” birinchi tibbiyot forumi davomida ikki mamlakat klinikalari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuv esa hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi. Muloqot davomida tibbiyot sohasidagi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari keng muhokama qilindi.

Jumladan, onkologik kasalliklarni ilg‘or usullar yordamida tashxislash va davolash, shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasida fransuz kopmaniyalari uchun investitsion imkoniyatlar yaratish, xirurgiyada robot texnologiyasidan keng foydalanish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, ikki mamlakat klinikalari va shifoxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Takidlanishicha, delegatsiya tarkibidagi fransuz kopmaniyalari vakillari yurtimizdagi mavjud ehtiyojlarni o‘rganib, aniq takliflar bilan kelgan. Ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikdagi faoliyatni rivojlantirishni maqsad qilgan.

Onkologiya, urologiya, robot xirurgiyasi sohalarida xodimlarni o‘qitish, pediatriya, sanitar aviatsiya xizmatlarini yaxshilash, sayyohlik markazlarida travmatologiya klinikalarini tashkil qilish, osteoporoz kasalliklarini davolashda innovatsion usullarni qo‘llash, yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro texnik ekspertlar faoliyatini taqdim etish, tog‘li zonalarda Yevropa darajasidagi tez yordam tizimini yaratish, dori vositalari xavfsizligini taʼminlash masalalari shular jumlasidandir.

Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida Fransiya yutuqlarini o‘rganish va ommalashtirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi. Xususan, bu davlat diagnostika, terapevtik muolajalar va noyob jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda katta tajribaga ega.

Bu esa kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va samarali muolaja qilishda ilg‘or tibbiy texnologiyalar hamda raqamli yechimlarni joriy qilish masalalari yuzasidan tajriba almashish imkonini beradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling