O‘zbekiston va Fransiya Senatlari o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlarning onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Fransiya Senatlari o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlarning onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Fransiya Respublikasi parlamenti Senati o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlarning onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Fransiya hamkorligi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu yuqori darajadagi tashriflar hamda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani bilan izohlandi. Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qator tarmoqlarda o‘zaro aloqalarni rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslar va taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning muhim ahamiyati qayd etildi.
Fransuz tilini o‘rganishga qiziqish tobora ortib borayotgani, shuningdek, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik izchil kengaib borayotgani taʼkidlandi.
Turistik aloqalarni jonlantirish, qo‘shma turizm forumlari va madaniy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, ularning har yili kamida bir marta qo‘shma yig‘ilishlarini o‘tkazish hamda navbatdagi yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasida tashkil etishga kelishib olindi.