O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va sarmoyaviy loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — ISSV rahbari Laziz Kudratov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Valid Fuk bilan uchrashdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va uni yanada mustahkamlash istiqbollari, jumladan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda energetika, sanoat, transport va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
2025-yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 991,2 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,5 foizga oshdi. Ushbu o‘sishga mashinasozlik, kimyo, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik faollashuvi, shuningdek, Fransiya kompaniyalari tomonidan O‘zbekistondagi sanoat loyihalari uchun zamonaviy uskunalar va texnologiyalar yetkazib berish hajmining kengayishi sabab bo‘ldi.
Muloqot chog‘ida “yo‘l xaritalari” doirasidagi chora-tadbirlarning samarali ijrosini ta’minlash va oliy darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish muhimligi ta’kidlandi. ISSV rahbari O‘zbekiston Fransiya bilan strategik sheriklikni mustahkamlashga alohida ahamiyat berishini va yaqinlashib kelayotgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda qo‘shma biznes-forum doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini qayd etdi.