O‘zbekiston va Coursera o‘rtasida raqamli ta’lim bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShga xizmat safari doirasida dunyodagi eng yirik onlayn ta’lim platformalaridan biri bo‘lgan Coursera kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Coursera o‘rtasida AT-ta’limni rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos sertifikatlash tizimini joriy etish hamda global ta’lim resurslariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda yagona milliy AT-ta’lim reyting tizimini yaratish, sertifikatlash jarayonlarini takomillashtirish hamda raqamli ta’lim ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, uchrashuvda Coursera tomonidan 2025-yil oxirigacha 3000 ta kursni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali xalqaro sifatli ta’lim resurslariga kengroq kirish imkonini yaratish masalasiga e’tibor qaratildi.
Hozirda Coursera platformasida 1,5 milliondan ortiq O‘zbekistonlik o‘rganuvchilar onlayn ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Platforma Google, AWS, Nvidia, Meta va Microsoft kabi jahon miqyosidagi yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan o'quv dasturlarni yaratish bo'yicha hamkorlik o‘rnatgan.
Uchrashuv davomida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash va sanoat bilan hamkorlikni kengaytirish orqali AT-ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi.