O‘zbekiston va China Construction farmatsevtika sohasidagi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Xitoyning yirik kompaniyalaridan biri - "China Construction" kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari hamda O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatining jadal rivojlanishiga oid masalalar muhokama qilindi.
Suhbat jarayonida mamlakatimizda farmatsevtika sohasiga davlat darajasida katta eʼtibor qaratilgani, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy etish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
"China Construction" kompaniyasi vakillari o‘z faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Taʼkidlanishicha, kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari qurilish va loyihalash ishlarini amalga oshirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish hamda qurilgan obyektlarni samarali ekspluatatsiya qilishni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, xitoylik hamkorlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirayotganini, ayniqsa farmatsevtika klasterlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va sanoat zonalarini qurish sohalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildilar.
Uchrashuv ochiq va konstruktiv muhitda o‘tdi. Tomonlar kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aniq loyihalar ustida ish olib borish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.