O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Makkah Halal Forum” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Buyuk Britaniya Musulmonlar savdo forumi tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatni SSP raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov hamda tashkilot raisi Iqbol Sakrani imzoladi. Memorandum savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, biznes aloqalarini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini belgilaydi.
Tomonlar savdo delegatsiyalari almashinuvi, iqtisodiy axborot va statistika bilan o‘zaro almashish, yarmarka va ko‘rgazmalar o‘tkazish, shuningdek texnik ekspertiza va taʼlim sohasida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Alohida eʼtibor islomiy turizmni rivojlantirish, zargarlik sanoatiga investitsiyalar jalb qilish, mineral o‘g‘itlar eksporti va konsalting xizmatlari kabi yo‘nalishlarga qaratildi.
Mazkur memorandum O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish va ikki mamlakat biznes jamoalari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.