Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 26/02/2025 O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Makkah Halal Forum” doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi o‘rinbosari D.Kurbanov Buyuk Britaniyaning Muslim Trade Forum (MTF) raisi Sir Iqbol Sakrani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

25-27 fevral kunlari Makka shahrida o‘tayotgan forum ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon vazifasini bajarmoqda.

Muslim Trade Forum (MTF) Buyuk Britaniyaning musulmon ishbilarmonlari manfaatlarini himoya qilish va xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan nufuzli tashkilotlaridan biri hisoblanadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi iqtisodiy, huquqiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistondagi investitsiya muhiti, chet ellik investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.

Sir Iqbol Sakrani O‘zbekistondagi islohotlarni, xususan iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Muzokaralar davomida halol mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilish, turizm sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, huquqiy va moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish hamda Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling