O‘zbekiston va Buyuk Britaniya intellektual mulk ekspertizasida sun’iy intellektni joriy etish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Nyuport shahrida Buyuk Britaniya Intellektual mulk idorasi bosh direktori Adam Uillyams bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuvda intellektual mulk obyektlariga oid talabnomalarni zamonaviy usullardan foydalangan holda ekspertizadan o‘tkazish, ushbu jarayonga sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralarning ekspertiza qarorlarini o‘zaro tan olish orqali ixtiro va foydali modellarni ro'yxatdan o'tkazish muddatlarini qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish uchun Buyuk Britaniyada amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, intellektual mulkdan foydalanishni o'rgatishga, qo'shimcha daromad olishga, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishga qaratilgan "IP partners", "IP Access", "IP healthcare" kabi loyihalarni O'zbekistonda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida Buyuk Britaniya bozorida aniqlangan "Kontrafakt mahsulotlar ko'rgazmasi"da ishtirok etildi va kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi kurashuvchi London politsiya bo'linmasi faoliyati bilan tanishildi.
Uchrashuv yakunida London politsiya bo'linmasi bilan hamkorlikda huquq egasiga yetkazilgan zararni aniqlash bo'yicha seminar tashkil etish, O'zbekiston Respublikasi 2022-2026-yillarga mo'ljallangan intellektual mulk strategiyasini 2027-2030-yillarda davom ettirish bo'yicha takliflarni birgalikda ishlab chiqish kabi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.