O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov Braziliya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Serjio Rodriges dos Santos hamda Braziliya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari – Osiyo-Tinch okeani mintaqasi kotibiyati rahbari Syuzan Kleyebank bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va agrosanoat kooperatsiyasidagi o‘zaro manfaatli loyihalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Janubiy Amerika, Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq bozorlariga birgalikda chiqish imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.
Suhbat chog‘ida 2026 yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston–Braziliya biznes-forumini o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar bu tadbir ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, yangi sherikliklar va qo‘shma loyihalar uchun muhim platforma bo‘lishini taʼkidladilar.
Mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy islohotlar, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar hamda elektrotexnika, avtomobilsozlik, aviatsiya sanoati, raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va xomashyo taʼminoti kabi sohalardagi hamkorlik imkoniyatlari to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining ishbilarmon aloqalarini BRIKS mamlakatlarining ishbilarmon doiralari bilan rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma saʼy-harakatlarni amalga oshirishga hamda investitsiyaviy-savdo hamkorligini mustahkamlash maqsadida BRIKS va "Markaziy Osiyo + Ozarbayjon" platformalaridan foydalanishga kelishib oldilar.
Ikki mamlakat bizneslari o‘rtasida doimiy muloqotni taʼminlash maqsadida “Markaziy Osiyo + Braziliya” biznes-klubini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Braziliya tomoni o‘z navbatida 2026 yilda braziliyalik kompaniyalar biznes-missiyasini O‘zbekistonga yuborish, shuningdek, o‘zbek ishbilarmonlarining Braziliyaga tashrifini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan tashabbuslarni amalga oshirish va o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.