O‘zbekiston va BMT yoshlar uchun raqamli imkoniyatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 16-may kuni Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, BMT Yoshlar ofisi rahbari doktor Felipe Paullier hamda BMT Bosh qarorgohi Yoshlar ofisi vakili Bianka Liu Gertsog ishtirokida BMT vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida yoshlarni raqamli texnologiyalar rivojida faol ishtirok etishga jalb etish, raqamli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, IT va raqamli sektorda bandlikni oshirish, yoshlar uchun zamonaviy platformalar va xizmatlar yaratish hamda ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.
Doktor Felipe Paullier BMT Yoshlar strategiyasi – 2030 doirasida butun dunyo yoshlarini global jarayonlarga jalb etish, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlashda raqamli texnologiyalar asosiy vositalardan biri bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Bianka Liu Gertsog esa BMT tizimida yoshlar siyosatini muvofiqlashtirish, ularni barqaror rivojlanish maqsadlariga jalb etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tashabbuslar bilan bo‘lishdi hamda BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va davlat boshqaruvida ularning ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi va bu yo‘nalishda xalqaro sheriklikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yoshlar uchun raqamli yechimlar va xizmatlarni rivojlantirish, ularning davlat boshqaruvida ishtirokini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.