O'zbekiston va BMT Taraqqiyot Dasturi qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni muhokama qilishdi
O'zbekiston va BMT Taraqqiyot Dasturi qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujini qabul qildi.
Muloqotda agrar sohada amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslarning bugungi natijalari hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik doirasida amaliyotga tatbiq etilayotgan loyihalarning joriy holatini tahlil qilar ekan, ularning samaradorligini oshirish, hududlar kesimida natijadorlikni kuchaytirish va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Xususan, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, qishloq joylarda bandlikni ta’minlash va kichik ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi ishlar ijobiy baholandi.
Tomonlar Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik va ijtimoiy loyihalarga ham to‘xtalib o‘tdilar. Ushbu hududda yer degradatsiyasini kamaytirish, suv resurslarini tejash, aholi bandligini ta’minlash hamda yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish borasidagi sa’y-harakatlar yuksak baholandi.
Orolbo‘yi uchun maxsus dasturlar doirasida agroekotizimlarni tiklash va iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Shuningdek, uchrashuvda HECI tamoyillarini amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Mazkur yondashuv inson kapitalini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va institutsional samaradorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro ishonch va ochiqlikka asoslangan hamkorlikni kengaytirish, loyihalarni aniq natijalar bilan amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.